Yangiliklar

INSTITUT REKTORINING YANGI YIL TABRIGI

                                                                    


Hurmatli jamoa va aziz talabalar! Sizlarni qutlug‘ qadamlar bilan kirib kelayotgan Yangi – 2019 yil bilan chin dildan tabriklayman.

El-yurtimiz farovonligi yo‘lidagi barcha ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman, yil davomida yaxshi kayfiyat va omad Sizlarni aslo tark etmasin! Oilangizdan baxtu saodat, xonadonlaringizdan tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka arimasin!

“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berilgan 2018 yilda yurtimiz hayotida yaxshi kunlar, ulkan yutuqlar va marralar ko‘p bo‘ldi. Shu o‘rinda tarix sahifalaridan joy olayotgan 2018 yil institutimiz hayotida muhim voqealarga boy bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz.

Joriy yilda Qo‘qon davlat pedagogika instituti 20 ga yaqin xorijiy davlatlarning  oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolagan bo‘lib, ushbu hamkorliklar natijasi sifatida Tojikiston, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Yaponiya, Xitoy, Germaniya hamda Qozog‘istondan yetakchi mutaxassis va olimlar ishtirokida ma’ruza, seminar va uchrashuvlar tashkil etilganligini alohida ta’kidlash kerak. Shu bilan birga ilmiy salohiyatni oshirish maqsadida 2018 yilda 9 nafar professor-o‘qituvchilar (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘ldilar.

Ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat va sport sohasida qilingan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar ham o‘ziga xos salmoqqa ega. Kuni kecha chim ustida xokkey bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Pokistonning Lahor shahrida o‘tkazilgan “Hockey Series Open” xalqaro musobaqada ishtirok etib, turnir davomida Afg‘oniston, Nepal va Qozog‘iston terma jamoalarini mag‘lubiyatga uchratib, guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa tarkibida institutimiz  talabasining borligi va 2018 yilda Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida talabalarimizni bronza medali sohibi bo‘lganligi bizni yanada quvontirdi.

Institutimizda tahsil oluvchi talaba yoshlarning yutuqlari bilan birga,  4 nafar talabalarimizning O‘zbekiston Respublikasi bakalavrlari uchun ta’sis etilgan Islom Karimov va Alisher Navoiy nomidagi nomdor stipendiyalarni qo‘lga kiritgani, 3 nafar talabalarimiz fan olimpiadalari Respublika bosqichi g‘oliblari bo‘lganligi, bir nafar talabamiz “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohibi bo‘lgani olib borilayotgan tizimli ishlarning samarasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bu erishilayotgan barcha yutuqlar Siz aziz hamkasblarimiz mehnatlarining mevasidir. Qolaversa Siz hamkasblar tomonidan amalga oshirilayotgan institutimiz ravnaqi yo‘lidagi ishlaringizda kuch-quvvat tilayman.

Qadrli ustozlar, muhtaram professor-o‘qituvchilar, xodimlar va aziz talabalar kirib kelayotgan Yangi – 2019 yilda Sizlarga va oila a’zolaringizga mehnat faoliyatida, o‘qishda, jamoat ishlarida hamisha baxt va omad hamroh bo‘lishini, ilmiy, ijodiy, pedagogik faoliyatlaringizda muvaffaqiyatlar tilab qolaman!

Sihat-salomatlik, shodu xurramlik, baxtu saodat barchamizga yo‘ldosh bo‘lsin. Yangi yilingiz muborak bo‘lsin aziz hamkasblar va talabalar!

                                                                                                                    Rektor          A.G`.Eminov