Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi


Hurmatli senator va deputatlar!

Qadrli yurtdoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

2019 yilda mamlakatimizni rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga Murojaatnomasini bayon etishga ruxsat bergaysiz.

Bugun biz shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda yashamoqdamiz. Dunyo miqyosida manfaatlar kurashi, raqobat tobora avj olib, xalqaro vaziyat keskinlashib bormoqda.

Biz kelgusi yil uchun amaliy rejalar tuzar ekanmiz, xalqaro maydondagi ana shunday murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, taraqqiyotimizning ustuvor yo‘nalishlarini aniq-ravshan belgilab olishimiz zarur.

Aziz do‘stlar!

Biz har bir yilga ezgu niyat bilan nom beramiz va o‘z oldimizga ulkan marralarni qo‘yamiz.

Buyuk Imom Buxoriy hazratlarining “Al-Jomi’ as-Sahih” asari “Barcha ezgu amallar niyatga bog‘liq, har bir kishiga faqat niyat qilgan narsasi beriladi” degan hadis bilan boshlanishida albatta juda chuqur ma’no bor.

Biz 2018 yilga “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berib, Davlat dasturi doirasida 21 trillion so‘m va 1 milliard dollarga teng 76 mingta loyihani amalga oshirganimiz o‘tgan yili yaxshi niyat bilan boshlagan ishlarimizning natijasini ko‘rsatib turibdi.

Sanoat, qishloq xo‘jaligi, kapital qurilish, transport-kommunikatsiya, servis va xizmat ko‘rsatish sohalarida salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritildi.

Ayniqsa, har qachongidan ham og‘ir bo‘lgan bu yilgi mavsumda mirishkor dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilganlarini alohida ta’kidlashni istardim.

Aholi farovonligini oshirish maqsadida joriy yilda ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori o‘tgan yillarga nisbatan sezilarli ravishda oshirildi.

Xususan, pedagog xodimlarning ish haqi so‘nggi 10 yilda birinchi marta 50 foizgacha ko‘paytirildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli, aholining real umumiy daromadlari 2017 yilga nisbatan 12 foizga oshdi.

“Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar doirasida 2 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratilib, joylarda 2 ming 600 dan ortiq biznes loyihalari amalga oshirildi.

Bu yildan boshlab, soliqlarning prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan hududlarda 5,5 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoldirildi.

Bu, o‘tgan yilga nisbatan 6 barobar, 2016 yilga nisbatan esa – shunga e’tibor berishingizni so‘rayman – 32 barobar ko‘pdir.

Hurmatli yurtdoshlar!

Yakuniga etib borayotgan yil barchamiz uchun muqaddas Vatan timsoli bo‘lgan qishloqlarimiz, mahallalarimizni obod qilish bo‘yicha ulkan ishlar boshlangan yil bo‘ldi.

Xususan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari xalqimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi. Joriy yilda bu boradagi qurilish va obodonlashtirish ishlariga 3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Natijada 416 ta qishloq yangicha qiyofaga ega bo‘ldi.

O‘tayotgan yilda hayotimizning boshqa sohalarida, jumladan, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at, sport sohalarini rivojlantirish yo‘lida ham muhim qadamlar qo‘yildi. Ayniqsa, yurtimiz yoshlari Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo va Para-Osiyo o‘yinlarida, Argentinada o‘tkazilgan o‘smirlar Olimpiadasida yuqori o‘rinlarni olgani barchamizni quvontirdi.

Hurmatli parlament a’zolari!

Xalqaro munosabatlarda ochiq va amaliy, faol tashqi siyosat olib borilayotgani tufayli ishonchli hamkor sifatida mamlakatimizning xalqaro obro‘si tobora ortib bormoqda.

Barcha qo‘shnilarimiz bilan do‘stona va o‘zaro ishonch ruhidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash bizning asosiy vazifalarimizdan biriga aylandi.

2018 yilda 18 ta davlatlararo rasmiy tashriflar amalga oshirildi va 52 milliard dollarlik 1 ming 80 ta loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom va Osiyo taraqqiyot banklari, boshqa xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikdagi investitsiyalar hajmi 8,5 milliard dollarni tashkil etdi.

Bugungi kunda yurtimizda, chet el investitsiyalari hisobidan qiymati 23 milliard dollarlik 456 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlar tobora kuchayib borayotganini hisobga olib, biz yangi Mudofaa doktrinasini qabul qildik.

Qurolli Kuchlar tarkibidagi barcha qo‘shin turlarining tuzilma va vazifalari qayta ko‘rib chiqildi.

Armiya va xalq birligini ta’minlash maqsadida, barcha hududlarda harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi.

Albatta, yil mobaynida amalga oshirgan ishlarimiz ro‘yxatini uzoq davom ettirish mumkin. Lekin bunday misollarni keltirish, qayd etishdan maqsad – ko‘krakka urib maqtanish emas. Biz bundan mutlaqo yiroqmiz. Bizning maqsadimiz – o‘tgan bir yillik taraqqiyot yo‘limizni xolisona va tanqidiy baholashdan iborat.

Fursatdan foydalanib, islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotgan, barcha qiyinchilik va sinovlarni mardona engib, o‘zining fidokorona mehnati bilan jonajon Vatanimiz ravnaqiga ulkan hissa qo‘shayotgan olijanob xalqimizga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.

Muhtaram anjuman ishtirokchilari!

Yana sanoqli kunlardan keyin yurtimizga yangi – 2019 yil kirib keladi. Yangi yil arafasida an’anamizga ko‘ra 2019 yilga qanday nom berish to‘g‘risida bugun sizlar bilan maslahatlashib, bir qarorga kelsak, ayni muddao bo‘ladi.

Albatta, biz bu haqda ko‘p o‘yladik. Joylarda xalq bilan muloqotlar davomida va murojaatlarda bildirilgan fikrlar, taklif-mulohazalarni atroflicha ko‘rib chiqdik.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan bo‘lsa, o‘z iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga erishgan.

Shu sababli ham investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri, o‘zbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Investitsiya bilan birga turli soha va tarmoqlarga, hududlarga yangi texnologiyalar, ilg‘or tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib keladi, tadbirkorlik jadal rivojlanadi.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: investitsiya deymiz, islohotlar deymiz, modernizatsiya, deymiz.

Lekin bu o‘zgarishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad nima o‘zi?

Yurtimizda yashayotgan har qaysi inson millati, tili va dinidan qat’i nazar, erkin, tinch va badavlat umr kechirishi, bugun hayotdan rozi bo‘lib yashashi – bizning bosh maqsadimizdir.

Bu yo‘nalishda oldimizda ulkan vazifalar turibdi. Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi birinchi navbatda ijtimoiy sohadagi islohotlarimiz samarasi bilan chambarchas bog‘liq.

Yoshlarimizga munosib ta’lim berish, ularning ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini ro‘yobga chiqarishimiz kerak. Shu maqsadda, maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishimiz, o‘rta va oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini, ilmiy va o‘quv jarayonlari sifatini tubdan yaxshilashimiz kerak.

Xalqimiz salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, biz uchun hayotiy muhim masaladir. Takror aytaman, tinchlik va sog‘likni ta’minlasak, qolgan hamma narsaga erishamiz.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotganlar, yolg‘iz keksalar, umuman, ko‘makka muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, albatta, ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

Kelgusi yilda tadbirkorlik, biznes uchun yanada qulay muhit yaratish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, pensiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham ko‘p ishlar qilishimiz lozim.

Shularning barchasini hisobga olib, 2018 yilda boshlagan ishlarimizni mantiqiy davom ettirish va yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida, men kirib kelayotgan yangi – 2019 yilga “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nom berishni taklif etaman.

To`liq o`qish uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi