Yangiliklar

Qo‘qon shahar IIOFMB xodimlari bilan hamkorlikda Fizika – matematika fakultetida uchrashuv o‘tkazildi

Uchrashuvni Fizika – matematika fakulteti dekani X.Xonboboyev kirish so‘zi bilan ochib, jumladan shunday dedi: O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 20 sentyabrdagi 84-03-359-sonli hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 26/5-2087-sonli xatlarida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida xususiy xonadonlarda yashovchi talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvga Qo‘qon shahar IIOFMB xodimlarini ham taklif etganmiz deb, so‘z navbatini Qo‘qon shahar IIOFMB XPIB VE va YOO‘HPTEG katta inspektori mayor D.Ergashevga berdi.


Qo‘qon shahar IIOFMB XPIB VE va YOO‘HPTEG katta inspektori mayor D.Ergashev o‘z so‘zida jumladan shunday dedi: ma’lumki, yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan mamlakatimizda har yili 100 mingga yaqin oliy ta’lim muassasalari talabalari “Talabalar turar joylari”da o‘rinlarning cheklanganligi sababli hususiy xonadonlarda ijarada istiqomat qiladi. Qo‘qon davlat pedagogika institutida viloyatlardan, shaharlardan va atrof tumanlardan kelib tahsil olayotgan talabalar ham Qo‘qon shahrida hususiy xonadonlarda ijarada istiqomat qiladi. Mazkur talabalarning hususiy xonadonlarda yashashi, turli toifadagi fuqarolarning uyida, nazoratsiz holda yashashi, zarur shart-sharoit va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan uylarda istiqomat qilishi turli ijtimoiy-maishiy xavf-xatarlarni yuzaga kelishini oldini olish maqsadida Sizlar bilan uchrashib, suhbatlashib turibmiz. Maqsadimiz Siz talabalarning xususiy xonadonlarda tinch yashashingiz va ta’lim olishga bo‘lgan intilishlaringizni qo‘llab-quvvatlash, zarur shart-sharoit yaratib berish hamda turli salbiy g‘oyalar xatarlaridan ogoh etishni o‘z oldimizga ustivor vazifa etib belgilab olganmiz. 
Ijarada yashovchi talabalarning ijtimoiy-maishiy ahvoli, xonadon holati va uy egalari shaxsi, institutga qatnashi, ijara narxlari kabi muammolarni atroflicha o‘rganib bartaraf etamiz. Ijarada turgan xonadoningiz joylashgan MFYdan ro‘yxatdan o‘tishingiz va xonadon egasi bilan ijara shartnomasini rasmiylashtirib olishingiz lozim. Shundagina qonuniy va xatarsiz bo‘ladi. Shu sababli guruh murabbiylaridan ijarada yashovchi talabalarning aniq va to‘liq ro‘yxatini shakllantirishlaringizni so‘rayman, sababi xonadon egalari bilan doimiy muloqot o‘rnatiladi. Talabaning qanday oilaviy sharoitda turganligi, uy egasini kimligi oiladagi ijtimoiy-ma’naviy muhit qandayligi aniqlanadi. Mamlakatimizda jinoyatchilik va uni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.



Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish – butun jamiyatning vazifasi. Tadqiqotlar aksariyat jinoyatchilarning shaxsi dastlab tarbiyasizlik oqibatida shakllanishini ko‘rsatmoqda. Shu maqsadda talabalarning qanday oilaviy muhitda yashayotganligi muhim o‘rin egallaydi. Bizlar unga bepisandlik bilan qarasak, ijarada yashovchi talabalar tomonidan huquqbuzarlikka va jinoyatga qo‘l urmasligiga hech birimiz kafolat bera olmaymiz.

Shundan so‘ng so‘zni  Qo‘qon shahar IIOFMB JQB katta tezkor vakili, katta leytenant M.A’zamovga  berildi. U o‘z so‘zida jumladan shunday dedi: farzand niholga o‘xshaydi. Uni yoshligidan qanday tarbiyalasak, shunday voyaga etadi. Bunda albatta oila, mahalla, jamiyatdagi muhit muhim ahamiyatga ega. O‘zi, oilasi, xalqi, ma’naviy il-dizlari haqida etarli tushunchaga ega bo‘lgan talaba jinoyat ko‘chasiga qadam bosmaydi. Bunga erishish uchun jamiyatning har bir a’zosi zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his etishi, burchini sidqidildan bajarishi lozim.

Hozirgi kunda noqonuniy ravishda sotilayotgan “Tramadol”, “Lirika” kabi tabletkalarni mutlaqo iste’mol qilmaslik lozim. Bunday dorilarning sotilishi qonun bilan taqiqlangan. Ushbu dorilarning sotish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bo‘yicha jinoyat hisoblanib, uni amalga oshirganlarga nisbatan jazo tayinlanishi muqarrar. “Tramadol”, “Lirika” kabi tabletkalarni sotilishini oldini olish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan maqsadli tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Hurmatli talabalar. Talabalik bu hayotimizning oltin davriga qiyoslanadi. Shunday ekan kelinglar yurtimizdagi tinchlikdan, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, ota-onamiz orzu havas qilgan shaxslar bo‘lib etishi yo‘lida vaqtimizni bexuda o‘tkazmasdan ilm-ma’rifat o‘rganishga, ustozlar berayotgan zamonaviy ilm-fan yutuqlarini diqqat bilan o‘zlashtirishga, kelajakda vatanimiz rivojiga hissa qo‘shadigan farzandlar bo‘lib etishaylik.



Shundan so‘ng, so‘zni Qo‘qon shahar IIOFMB M va FRB pasportchisi Z.Mavlonovga berildi. U o‘z so‘zida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  2018 yil 22 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 28 avgustdagi PQ-3924-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi 845-son qarorining mazmun-mohiyatini atroflicha tushuntirib berdi.

Uchrashuv davomida talaba – yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.   Uchrashuv yakunida bo‘lim boshlig‘i F.Ibragimov so‘zga chiqib, mavzu yuzasidan fikrlarini bildirib, uchrashuvga o‘z vaqtlarini ayamasdan tashrif buyurgan Qo‘qon shahar IIOFMB xodimlariga institut nomidan o‘z minnatdorchiligini bildirdi.