Yangiliklar

Institut rektorining bayram tabrigi


Shu kunlarda butun yurtimizda buyuk tarixiy sana, ya’ni, Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi keng nishonlanmoqda.

1992 yilning 14 yanvar kunida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining «O‘zbekiston Respublikasi xududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida»gi qarori juda muhim tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu sanada yurtimiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufiga o‘tkazildi. 1993 yil 29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qarori bilan «14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni» deb belgilandi.

Ana shu qutlug‘ ayyom bilan Siz azizlarni, Sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Vatan himoyachilari kunini nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ayni vaqtda armiya saflarida o‘z burchini o‘tab qaytgan vatandoshlarimiz va ertaga xizmatga boradigan ming-minglab navqiron yigitlarning, bir so‘z bilan aytganda, yuragida Vatanga muhabbat, uni himoya qilishga shijoati bor har bir fuqaroning bayrami desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ona yurtimiz har doim o‘zining mard, jasur yigitlari bilan faxrlanib kelgan. Yigitlarimiz ota-ona va oilasini, o‘zi yashayotgan yurt tuprog‘ini muqaddas bilib, Vatan himoyasi uchun doimo shay turishni burch deb hisoblagan. Ushbu bayramning nishonlanishi xalqimizning o‘z milliy armiyasiga nisbatan cheksiz hurmatini, alp yigitlariga nisbatan iftixorini bildiradi.

Armiyamiz hozirgi kunda nafaqat Vatanimiz chegaralarini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilmoqda, ayni vaqtda mustahkam iroda va xarakter, mustaqil fikrlash qobiliyati shakllanadigan, jismoniy chiniqish va yuksak insoniy fazilatlar kamol topadigan haqiqiy professional malaka oshirish maktabiga aylangan. Uni tom ma’noda mardlik va matonat fazilatlarini tarbiyalash, bilim, ko‘nikma, malakalarni shakllantirish, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish maktabi, deyishimiz mumkin.

Hozirgi kunda ushbu sharafli kasb egalari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, ularga qulay sharoit yaratish va turmush darajasini yaxshilash maqsadida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2019/2020 o‘quv yilida Qo‘qon davlat pedagogika institutiga 46 nafar O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, imtiyozga ega bo‘lgan abiturientlarning, 16 nafar haqiqiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning farzandlari talabalikka tavsiya etilganligi buning yaqqol isbotidir.

Institut jamoasi nomidan barcha Vatan himoyachilarini ushbu muborak bayram bilan tabriklaymiz hamda ularga oilaviy tinchlik-xotirjamlik, sog‘liq-salomatlik tilab qolamiz. Hayotingiz doimo sharaf va zafarlarga to‘liq bo‘lsin. Vatanimiz osmoni doimo musaffo bo‘lishi uchun har doimgidek o‘z kuch-g‘ayratingizni ayamang! Bayramingiz muborak, azizlar!!!