Yangiliklar

Qo`qon davlat pedagogika instituti rektorining talabalarga murojaati

ASSALOMU ALAYKUM, ERTAMIZ VA KELAJAGIMIZ BO‘LGAN AZIZ TALABA YOSHLAR!

         Butun dunyoni chulg‘ab olgan va global muammoga aylangan koronavirus epidemiyasi insoniyat uchun naqadar xatarli ekanligini bugun hammamiz anglab yetdik. Covid-19 virusidan aziyat chekayotganlar, uning talofoti haqidagi ma‘lumotlardan siz OAV va internet tarmog‘i orqali xabardor bo‘lib turibsiz. Jahonning deyarli barcha mintaqalarida karantinlar joriy etilmoqda, chegaralar yopilmoqda, ijtimoiy muloqotlar cheklanmoqda. Jumladan, fuqarolarimiz, ayniqsa yosh avlodning xavfsizligi nuqtai nazaridan mamlakatmizda ham qator chora-tadbirlar ishlab chiqilib, bu borada hukumat qarorlari qabul qilindi. Ana shu chora-tadbirlar doirasida barcha ta‘lim muassasalarida rejalashtirilmagan ta‘tillar e‘lon qilindi. Bundan asosiy maqsad nima ekanligi hammamizga ma‘lum. O‘z navbatida, siz aziz talabalardan quyidagilarni iltimos qilmoqchiman:

1.      Hukumatimiz tomonidan belgilab berilayotgan barcha tartiblarga so‘zsiz rioya qiling. Agar jiddiy zarurat bo‘lmasa, o‘z yashab turgan xonadoningizdan chiqmang. Jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)siz harakatlanmang.

2.      Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan koronavirusdan himoyalanish uchun berilayotgan tavsiyalarga qat‘iy amal qiling. Jumladan,  tez-tez qo‘lingizni spirtli moddalar bilan yoki sovunlab yuving, gavjum bo‘lgan jamoat joylariga borishdan saqlaning, yuvilmagan qo‘llar bilan ko‘z, og‘iz kabi a‘zolarga tegmang, potensial ma‘noda kasallanganlar bilan muloqot qilmang, xom go‘sht yoxud yaxshilab termoishlov berilmagan go‘shtlarni iste‘mol qilmang, yashagan joyingiz va ko‘p kontaktda bo‘ladiganingiz yuzalar ustida dezinfeksiyalovchi vositalar bilan tez-tez tozalash ishlarini amalga oshiring.

3.      Koronavirus pandemiyasi paytida odamlar orasida vahima uyg‘otishga qaratilgan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan har xil shov-shuvli ma‘lumotlar, uydirma axborotlarga ishonmang. Unutmang, vaziyat davlatimiz nazorati ostida!

4.      Biz sizlar uchun masofaviy darslar tashkil etmoqdamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda (telegramda) maxsus guruhlar ochib, videodarslar va boshqa kerakli materiallarni joylab boryapmiz. Viloyat televideniesi orqali onlayn darslar namoyishini yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Sizlardan esa ushbu darslarda faol qatnashishni, taqdim etilgan materiallar asosida mustaqil ta‘limga e‘tiboringizni ko‘proq qaratashingizni so‘rab qolamiz.

5.      Ijtimoiy tarmoqlarda insoniyat tarixidagi ba‘zi buyuk kashfiyotlar, san‘at asarlari   karantin davrida yaratilgani haqidagi ma‘lumotlarni o‘qiyotgan bo‘lsangiz kerak. Siz ham imkoniyatdan foydalanib o‘z ilmiy va ijodiy ishlaringizga zo‘r bering. Ajab emaski, har yomonlikning bir yaxshiligi bor deganlaridek, bu qisqa tanaffus hayotingizda tub burilish yasasa.

Aziz talabalar, O‘zbekiston hukumati Covid -19 virusiga qarshi katta ko‘lamda ishlarni olib bormoqda. Butun mamlakat buyicha karantin joriy etildi, mulkchilik shaklidan qat‘iy nazar barcha tashkilotlar o‘z faoliyatini imkon qadar masofaviy tashkil etmoqda. Tibbiyot sohasiga aloqador barcha mutaxassislar  jonlarini fido qilgan holda tunu-kun jasorat ko‘rsatib  ish joylarida xalq uchun xizmat qilmoqdalar. OAVlar orqali barcha fuqarolarga koronavirus va uning tahdidi haqida tushuntirish va targ‘ibot ishlari uzluksiz olib borilmoqda.

          Shunday favqulodda holatlarda siz va biz ziyolilar ham o‘z burchimizni sidqidildan anglab bajarmog‘imiz lozim.  Mamlakatning ziyoli qatlamiga munosib holda o‘zimiz shaxsiy namuna ko‘rsatib, karantin tartibiga qat‘iy amal qilmog‘imiz, atrofimizdagi insonlarni ham shunga undamog‘imiz lozim. Shu bilan birga sababsiz vahimaga tushgan, tushkunlik holatini boshdan kechirayotgan fuqorolarga Covid -19 virusi, undan himoyalanishning asosiy omillari haqida tushuntirish ishlari olib borishimiz maqsadga muvofiq tadbirdir. Insoniyat  boshidan o‘tkazgan bundan-da ortiq, bundan-da og‘ir kunlar haqida so‘zlab berishimiz, iymoni mustahkam, qalbi Vatan muhabbati bilan sug‘orilgan insonlar har qanday muammo va dardlarni yengib  keta olishi haqidagi ilmlarimiz bilan dalda berishimiz bizning yelkamizdagi mas‘uliyatdir.

         Siz, farzandlarimiz har bir daqiqani g‘animat bilib, masofadan ta‘lim olish rejalari  va yo‘riqlariga rioya qilib, ustozlar tomonidan olib borilayotgan onlayn mashg‘ulotlarni kuzatib, topshirilgan vazifalarni bajarib borishingiz bilan insoniyat boshiga tushgan ofatga qarshi kurashda o‘zingizning hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz. Zero, bizga taqdim etilgan bebaho hayot Alloh taoloning butun hohish-istaklari  va irodati ostidadir. Keling, bu sinovdan birdamlik bilan  bir yoqadan bosh chiqarib o‘tishni, ertangi yorqin kunga chin dildan ishongan holda yorug‘ yuz bilan go‘zal ne‘mat – hayotimizni yana hotirjamlikda davom ettirishni bugungi kunning oliy maqsadi deb belgilaylikda, shu oliy maqsad sari hamjihatlikda bir safda odimlaylik.

Aziz farzandlarim, sizlar bilan tez orada yaxshi kunlarda salomatlikda ko‘rishishni Yaratgandan so‘rab qolamiz!

Hurmat bilan,

Qo‘qon davlat pedagogika instituti  rektori M.  Atadjanov