Yangiliklar

Qo‘qon davlat pedagogika instituti bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinadi

Qo‘qon davlat pedagogika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish mo‘ljallanmoqda

Vazirlar Mahkamasining “Qo‘qon davlat pedagogika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qo‘qon davlat pedagogika instituti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

pedagogika sohasining rivojlanish istiqbollari hamda ustuvor vazifalarini hisobga olgan holda xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda pedagogika sohasi bo‘yicha tarbiya va o‘qitish usullari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan, ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega professional oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash;

oliy ma’lumotli mutaxassislar, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash borasidagi xorijiy tajribalarni amaliyotga qo‘llash, bitiruvchilarning kasbiy-malaka darajasi xalqaro mehnat bozorida tan olinishini ta’minlash;

ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida respublika va xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

yangi avlod o‘quv-ilmiy adabiyotlarini yaratish, ularni ta’lim va ilmiy jarayonlarga keng tatbiq etish, yangi adabiyotlar sotib olish, Axborot-resurs markazi fondini muntazam yangilab borish;

ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va ta’lim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini ta’minlash;

pedagogika ta’lim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;

pedagog kadrlarning ilmiy salohiyati, kasbiy va malakaviy bilim darajasini uzluksiz rivojlantirib borish mexanizmlarini joriy etish, ularning pedagogik mahoratlarini rivojlantirishda xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribalaridan keng foydalanish;

mamlakatimiz va xorijiy ta’lim muassasalarida pedagogika fani bo‘yicha erishilgan yutuqlarni tizimli joriy etib borish, respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;

yuksak madaniyatli, amaliy kasbiy ko‘nikmaga ega, tarbiya, o‘qitish metodlari va baholash mezonlarini puxta egallagan zamonaviy pedagog kadrlar, jumladan, chet tillarida dars beruvchi yosh pedagog xodimlar qatlamini kengaytirish, ularning mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish;

xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS) va STEM standartlari asosida o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlarni o‘qitish va baholashning zamonaviy shakllari, metodlari va texnologiyalarini joriy etish hamda ushbu bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kelajak pedagoglarini tayyorlash;

jahondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribalari hamda kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida ta’limning sifati va kadrlar raqobatbardoshligini ta’minlay oladigan malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish va muntazam takomillashtirib borish;

hududdagi pedagogika sohasiga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlarni aniqlash hamda ularni maqsadli tayyorlashning uzluksiz tizimini shakllantirish;

professor-o‘qituvchilarni yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarida malaka oshirishi va stajirovkalarini tashkil etish;

xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni rivojlantirish;

talabalar amaliyotini maqsadli tashkil etish va ishga joylashishiga har tomonlama ko‘maklashish mexanizmlarini shakllantirish.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirliklari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 avgustga qadar:

umumiy o‘rta ta’lim va maktabgacha ta’lim muassasalari pedagog-xodimlarini kasbiy qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun institut tasarrufida tarmoq kasbiy qayta tayyorlash va malaka oshirish markazini;

Qo‘qon shahridagi 28-umumta’lim maktabi negizida Institut tasarrufida Amiriy va Nodirabegim nomidagi ona tili va adabiyoti faniga ixtisoslashgan umumiy o‘rta ta’lim maktabini tashkil etadi.

Institutda jamoatchilik asosida Pedagogika o‘quv-ilmiy markazi tashkil etiladi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

pedagogik ta’lim sohasini rivojlantirishning ilmiy-amaliy asoslarini yaratish va metodik ta’minotini ishlab chiqish;

pedagogik soha muammolarini o‘rganish, tahlil qilish va hal etish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda ularda qo‘llaniladigan samarali metodlar ishlab chiqilishini ta’minlash;

pedagogik ta’lim sohasining asosiy yutuqlarini keng jamoatchilikka etkazish bo‘yicha bosma va elektron ilmiy jurnallar ta’sis etish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro va respublika ilmiy-amaliy konferentsiyalarini tashkil etish;

jamiyatda, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida pedagogika sohasidagi bilimlarni keng targ‘ib etish.

Xalq ta’limi vazirligi 2021 yil yangi o‘quv yilidan:

umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida Institut talabalari amaliyotini samarali tashkil etish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi;

o‘quvchilarni pedagog kasbiga yo‘naltirish maqsadida Farg‘ona viloyatidagi yetakchi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 5 tasida 3-4-sinf o‘quvchilari uchun “O‘qish va matematik savodxonlik bo‘yicha sinflar”, 8-9-sinf o‘quvchilari uchun “Matematik va tabiiy fanlar savodxonligi bo‘yicha sinflar”, 10-11-sinf o‘quvchilari uchun “Pedagogik sinflar” tashkil etsin va Institut taklifi asosida dars jarayonlariga ta’sir etmagan holda o‘quv jarayoniga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Fanlar akademiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda Institutning ilmiy salohiyatini oshirish va oliy malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida 2021 yildan boshlab respublikaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarida Institut uchun maqsadli tayanch doktorantura bo‘yicha qabul kvotalarini ajratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi Institut professor-o‘qituvchilarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlariga doktorantura, stajirovka va malaka oshirish uchun yuborish choralarini ko‘radi.