“Filologiyaning dolzarb masalalari” mavzusidagi Respublika ilmiy-uslubiy anjumani onlayn tarzda o‘tkazildi
Bugun, 25 aprel kuni Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika institutida “Filologiyaning dolzarb masalalari” mavzusidagi Respublika ilmiy-uslubiy anjumani bo‘lib o‘tdi. Yurtimizdagi pandemik vaziyat sabab anjumanni onlayn tarzda o‘tkazildi. Anjumanni QDPI rektori Ma’mirjon Atadjanov ochib berdi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora- tadbirlari to‘risida”gi farmoni, shuningdek, “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risidagi” qonun xalqimiz tarixida quvonchli va tarixiy hodisa bo‘ldi. Chunki endilikda uzoq yillar yig‘ilib qolgan muammolar echimi topilyapti.
Tilimiz va adabiyotimizga davlat miqyosida e’tibor qaratilayotgan ekan, uning jamiyatdagi nufuzi, o‘rni, obro‘sini oshirish, ayniqsa, filologlar oldida turgan katta vazifadir.
Mazkur anjumanda ham mazkur masalalar ma’lum ma’noda hal etildi.
O‘zbek tilshunosligi va ona tili o‘qitish maslalariga bag‘ishlangan ikki sho‘’ba, shuningdek, adabiyotshunoslik va adabiyot o‘qitish muammolariga qaratilgan 2 sho‘’baga 200 dan ortiq maqolalar yig‘ildi.
Anjumanda respublikamizning turli OTM da faoliyat yuritayotgan sohaning etuk mutaxassislari bilan birga doktorantlar, magistrant va talabalar, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ilg‘or ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari ishtirok etdilar.