Yangiliklar

Ikkinchi mutaxassislikka hujjat qabul qilish 10 avgustdan boshlanadi


Ikkinchi mutaxassislik uchun qabul kvotalari belgilanmaydi. Oliy ta’lim muassasalari abiturientlar soniga qarab suhbat asosida imtihon o‘tkazadi.

2020-2021-o‘quv yili uchun ikkinchi mutaxassislikka hujjatlarni qabul qilish joriy yilning 10 avgustidan boshlanadi. Bu haqda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov ma’lum qildi.

“Davlat komissiyasiga ikkinchi mutaxassislik uchun hujjat qabul qilish jarayoni joriy yilning 10-31 avgust kunlari o‘tkazilishi bo‘yicha taklif kiritdik. Taklifimiz qanoatlantirildi. Hujjatlar qabul qilinishi ko‘rsatilgan muddatlarda onlayn tarzda amalga oshiriladi. Ikkinchi mutaxassislik uchun qabul kvotalari belgilanmaydi. Oliy ta’lim muassasalari abiturientlar soniga qarab suhbat asosida imtihon o‘tkazadi. Abiturientlar soni kamroq bo‘lsa, imtihonlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul amalga oshiriladi”, - dedi Xoliqov.

Vazir Inomjon Majidovning qo‘shimcha qilishicha, ikkinchi mutaxassislikka qabul qilish jarayoni murakkab bo‘lmaydi. Har bir oliy ta’lim muassasasi abiturientning salohiyatini o‘z mezonlari asosida baholaydi, qancha talaba qabul qilishni ham o‘zi hal qiladi.