Yangiliklar

Oʻzbekiston iftixori

Bugun, 13-sentyabr erta tongda Qoʻqon davlat pedagogika institutida Tokio shahrida oʻtkazilgan yozgi XVI Paralimpiya oʻyinlarida yengil atletika boʻyicha oltin madalni qoʻlga kiritgan Jismoniy madaniyat fakulteti talabasi Mohigul Hamdamovani kutib olish marosimi oʻtkazildi. Shu munosabat bilan marosimga institut jamoasi vakillari, talabalar, sportchilar, paralimpiyachimizning yaqinlari yigʻildi.









Unda soʻzga chiqqan institut rektori Dilnoza Xodjayeva joriy yilgi sport mavsumida Oʻzbekiston farzandlari dunyoning nufuzli musobaqalari Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida butun jahonga mamlakatimizning ulkan salohiyatini namoyon qilganligini, ajdodlari buyuk millatning avlodlari ham buyuk ishlarga qodirligini, Mohigul timsolida yurtimiz yoshlari mardlik va jasoratda, shijoat va matonatda, iqtidoru isteʼdodda hech kimdan kam emasligini taʼkidladi.

Tantanali marosimda soʻzga chiqqan fakultet dekani A. Tolibjonov, institut xotin-qizlar masalalari boʻyicha Kengash raisi Z. Boytemirovalar Mohigulni yuksak gʻalabasi institut jamoasiga cheksiz gʻurur-iftixor bagʻishlaganini, davlatimiz sportni rivojlantirishga, bu jarayonda jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilarni, ayniqsa, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikning ulkan samarasini butun dunyoga namoyon qilganini alohida taʼkidladi.





Gʻolib va sovrindor Mohigul Hamdamova xalqimizning ishonchi, davlatimizning yoshlarga qaratayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrligi uchun minnatdorlik bildirdi. Yuksak natijalarga erishishida katta oʻrin tutgan ustozlaridan alohida minnatdorligini bildirdi. Kelgusida bundan-da yuksak gʻalabalarni qoʻlga kiritishga vaʼda berdi.

QDPI matbuot xizmati