Yangiliklar

Chet tillar fakulteti ingliz tili va adabiyoti yo`nalishida 302-guruh talabalari hamda o`qituvchi D. Kadirova Qo`qon shahridagi 20-o`rta ta’lim maktabida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 682 yilligiga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi


Amir Temur — buyuk davlat asoschisi. U Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qo`ltig`iga qadar g`oyat katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos soldi. Bundan tashqari Amir Temur davlatiga Kichik Osiyo, Suriya, Misr va shim-g`arbda Quyi Volga, Don buylari; shim-sharqda Balxash ko`li va Ili daryosigacha; jan-sharqda esa Shim. Hindistongacha bo`lgan mamlakatlar buysundirildi. Amir Temur davlatni aql-zakovot va huquqiy asos bilan idora etgan. Uning “… davlat ishlarining to`qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim”, degan so`zlari buning yorqin dalilidir.



Amir Temur – buyuk shaxs, kuragi yerga tegmagan sarkarda, yirik davlat arbobi, qonunshunos, talantli me’mor, notiq, ruhshunos, shu bilan birga el-yurtini, xalqini sevgan va uni mashhuri jahon qilgan inson. Birinchi  prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ma’naviyatni yuksaltirish yo`lida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar jarayonida Amir Temur merosi shijoat, mardlik va adolat namunasi sifatida qadr va e’zoz topayotganini ta’kidladi. Binobarin, Sohibqiron qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi, dunyo sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo`shgan buyuk bunyodkordir.



Amir Temur va temuriylarning davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik, boshqa sohalardagi ulkan va boy merosini o`rganishga qiziqish jahon miqyosida tobora ortib bormoqda. Yurtimizda va xorijda temuriylarning dunyo sivilizatsiyasi ravnaqiga qo`shgan ulkan hissasiga oid ko`plab asarlar yaratilmoqda, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Bular Sohibqiron shaxsiyati va uni yetishtirgan zamin, tarixiy shart-sharoitga doir yangi-yangi qirralarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
   Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kimki o`zbek nomini, o`zbek millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qo‘shgan hissasini, shu asosda kelajakka ishonchini anglamoqchi bo‘lsa, Amir Temur siymosini eslashi kerak. Bobokalonimizning qudratli davlat, adolatli jamiyat barpo etish, o`zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, barqarorlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, xalq farovonligini ta’minlashga oid ezgu tamoyillari bugun Vatanimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining asosiy mezoniga aylangan.



Sohibqiron o`z tuzuklarida “Raiyat ahvolidan ogoh bo`ldim, ulug‘larini og‘a qatorida, kichiklarini farzand o`rnida ko`rdim. Har yerning tabiati, har el va shaharning rasmu odatlari, mizojidan voqif bo`lib turdim. Har bir o`lka va shahar ahlining ashrof-ulug`lari bilan do`st tutindim”, yana bir o`rinda “aqlli kishilar va kengash sohiblari, ehtiyotkor, qat’iyatli arboblar, keyinini o`ylab, olisni ko`rib ish yurituvchi keksa va tajribali kishilarni xos majlisimga kiritib, ularning suhbatlaridan, ishlaridan naf olib, tajribalar hosil qilardim”, deb qayd etadi. Bu “Kuch – adolatda” shioriga amal qilingan buyuk saltanatda inson va uning sha’nu shavkati oliy qadriyat sifatida yuksak baholanganidan dalolat beradi.
Buyuk bobomiz faoliyati, o`gitlari bugun ham bizga dasturilamal bo`lib xizmat qilmoqda. Yurtboshimiz rahnamoligida insonni ulug`lash, barcha sohada adolat tamoyiliga amal qilish bo`yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning yuksak samaralari bunga yaqqol dalildir. Zero, Sohibqiron merosini chuqur o`rganish, targ`ib qilishdan asosiy maqsad ham ana shu ezgu niyatlardir.