Yangiliklar

OLIY TA’LIM MUASSASALARI RAHBARLARI VA O`QITUVCHILARI MAOSHI O`RTACHA 25 FOIZGA OSHIRILADI

Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to`lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi PQ-3655-son qarori

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida” 2017 yil 20 apreldagi PQ-2909-sonli qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to`lash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab bazaviy lavozim maoshlari miqdorlarini tabaqalashtirilgan holda: oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o`qituvchilarining – o`rtacha 25 foizga va stajer-o`qituvchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga ega professor ish haqining miqdorlari o`rtasidagi tafovutni ikki baravargacha oshirish; ilmiy-tadqiqot muassasalarining fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish va innovatsiya ishlarida ishtirok etayotgan ilmiy xodimlarining – o`rtacha 25 foizga va stajer-tadqiqotchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga va professor ilmiy unvoniga ega bosh ilmiy xodim ish haqining miqdorlari o`rtasidagi tafovutni ikki baravargacha oshirish to`g`risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilab qo`yilsinki, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab: bazaviy doktoranturada ta’lim olayotgan shaxslarga – ilmiy unvon yoki ilmiy darajaga ega bo`lmagan (2 yilgacha ilmiy faoliyat tajribasiga ega bo`lgan) kichik ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar; doktoranturada ta’lim olayotgan shaxslarga – fan nomzodi (yoki falsafa doktori (PhD) darajasiga va xorijiy davlatlarning tegishli mutaxassislik bo`yicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) ilmiy darajasiga yoki ilmiy unvonga ega bo`lgan yetakchi ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar to`lanadi.

3. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 1 iyulgacha: oliy ta’lim muassasalarining rahbar xodimlari va professor-o`qituvchilari, shuningdek, boshqa xodimlari mehnatiga haq to`lash bo`yicha bazaviy lavozim maoshlarini; ilmiy-tadqiqot muassasalarining fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlari loyihalarini amalga oshirish va innovatsiya ishlarida ishtirok etayotgan ilmiy hamda rahbar xodimlarning bazaviy lavozim maoshlarini ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda byudjet mablag`lari hisobidan qayta ko`rib chiqsin.

4. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar Akademiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog`liq xarajatlarni o`z vaqtida moliyalashtirilishini ta’minlasin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – Moliya vaziri J.A. Qo`chqorov zimmasiga yuklansin.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to`lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga SHARH

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda ta’lim va ilm-fan tizimini takomillashtirish bo`yicha olib borilayotgan keng ko`lamli hamda izchil ishlar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy ustuvor vazifalari bilan birga ijtimoiy-iqtisodiy va soha tarmoqlarini jadal rivojlantirishga qodir bo`lgan yangi, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun zarur bo`lgan sharoitlarni ta’minlash maqsadiga muvofiq ko`zlangan marralarga erishishning jadallashtirilishiga olib keldi. Biroq, ayni vaqtda respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridagi ilmiy hamda ilmiy-pedagogik kadrlarning salohiyati past darajada qolib ketmoqda. Ilmiy unvon yoki ilmiy darajaga ega bo`lgan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedogogik kadrlarning mazkur jarayonlardagi ulushi tinimsiz pasayib borayapti. Ko`p hollarda bu vaziyat ilmiy xodimlar va professor-o`qituvchilar tarkibining ilmiy unvon yoki ilmiy darajalar olishga bo`lgan urinishi so`ngi yillar davomida moddiy manfaatdorlik oqibatida pasayib ketishiga sabab bo`lmoqda, chunki stajerlar (ilmiy unvon va darajasiz) bilan professor-bosh ilmiy xodimlar (ilmiy unvon yoki darajaga ega) o`rtasidagi farq 50 foizdan ortmagan holda saqlanib qolinmoqda. Ilmiy faoliyatni rag`batlantirish, oliy ta’lim muassasalari professor-o`qituvchilari va ilmiy xodimlarining moddiy manfaatdorligini tubdan oshirish, shu jumladan, lavozimlar, ilmiy unvon va darajalar o`rtasidagi tabaqalashuvni takomillashtirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to`lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab 81 ta oliy ta’lim muassasalari professor-o`qituvchilari va 136 ta ilmiy-tadqiqot institutlari ilmiy xodimlari tarkibining barcha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari sezilarli oshirilishini nazarda tutadi: hammasi bo`lib 38 mingdan ortiq oliy ta’lim muassasalari (28,1 ming odam) va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari (8,0 ming odam), shuningdek 1,9 ming doktorantlar. Bazaviy lavozim maoshlari tabaqalashtirilgan holda oshirilib, birinchi o`rinda ilmiy unvon yoki darajaga ega bo`lgan xodimlarga tadbiq etiladi. O`rtacha hisobda bazaviy lavozim maoshlari 25 foizga oshiriladi (stajerlarga 5% dan oliy ta’lim muassasalari professorlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining bosh ilmiy xodimlariga 38% gacha). Tabaqalashtirilgan bazaviy lavozim maoshlari oshirilishini nazarda tutgan holda egallab turgan lavozimidan, ilmiy unvon yoki darajasi borligidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda stajer bilan professor o`rtasida bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 100 foizga, yoki ikki baravariga oshirilishi ko`zda tutiladi. Taklif qilinayotgan chora-tadbirlar oliy ta’lim muassasalarining professor-o`qituvchilari tarkibi va ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy xodimlari o`z bilimlari va kasbiy ko`nikmalarini doimiy ravishda oshirib borishlari, ilmiy faoliyatlarini olib borishlari uchun rag`batlantirish maqsadida ishlab chiqildi. 2018 yilning 1 sentyabridan boshlab bazaviy lavozim maoshlari oshirilishiga hammasi bo`lib 73,8 mlrd. so`m (38,4 – davlat byudjeti mablag`lari), ulardan 60,3 mlrd. so`m – oliy ta’lim muassasalari uchun (24,9 - mlrd.so`m davlat byudjeti mablag`lari), 11,3 mlrd. so`m – ilmiy-tadqiqot institutlari uchun, shuningdek, 2,2 mlrd. so`m oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari uchun qo`shimcha ajratilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlariga mehnat haqi to`lashda qo`shimcha oylik harajatlari miqdori 18,4 mlrd. so`m bo`lib, jumladan, 9,6 mlrd. so`mi O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi. Qaror bilan alohida belgilanganki, oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida ta’lim olayotgan 1923 nafar tadqiqotchilarga ilmiy unvoni yoki darajasi bo`lmagan kichik ilmiy xodimning bazaviy lavozim maoshi miqdorlariga tenglashtirilib, 1,76 mln. so`m, (bazaviy doktorantura, 1669 nafar) hamda fan nomzodi ilmiy darajasi yoki unvoni bo`lgan yetakchi ilmiy xodimning bazaviy lavozim maoshi miqdorlariga teng bo`lgan - 2,2 mln. so`m (doktorantura, 254 nafar) miqdorida oshirilgan stipendiya (17 foiz-18 foizga oshiriladi) to`lanadi. Mazkur qaror bilan fan doktori ilmiy darajasi bo`lgan professorlar mehnat haqi miqdori 38-44% ga oshiriladi va amaldagi 2,5 mln. so`m o`rniga 3,46 mln.so`m bo`ladi va shu bilan stajer-o`qituvchining mehnat haqi miqdori bilan 100 foizli tafovutni hosil qiladi (stajer maoshi – 1,73 mln.so`m). Ilmiy-tadqiqot muassasalarida fan doktori darajasi yoki professor unvoniga ega bosh ilmiy xodimning mehnat haqi amaldagi 2,25 mln. so`m o`rniga 38 foizga oshirilib, 3,11 mln. so`mga yetadi, stajer-tadqiqotchi mehnat haqi miqdoridan 100 foizga yoki ikki baravarga oshiriladi (stajer maoshi – 1,55 mln. so`m.). Qabul qilingan qaror respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash yo`li orqali ta’lim sifatini va ilmiy faoliyatni oshirish masalalarini hal etish, oliy ta’lim muassasalari va akademik ilm-fanini yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iste’dodli yosh olimlar va talabalarni ilmiy faoliyat bilan shug`ullanishga jalb qilishga yordam beradi.

Manba: President.uz