San'at — ijtimoiy ong va inson faoliyatining o'ziga xos
shakli. San'at qadimiy tarixga ega bo'lib, u jamiyat
taraqqiyotining ilk bosqichlarida mehnat jarayoni bilan,
kishilar ijtimoiy faoliyatining rivojlanishi bilan bog'liq
holda vujudga kela boshlagan. Ibtidoiy san'atning dastlabki
izlari so'nggi paleolit davriga, taxminan mil. av. 40—20-ming
yillikka borib taqaladi. U davrda hali san'at inson
faoliyatining mustaqil shakli sifatida ajralib chiqmagan edi.
Chunki ma'naviyat moddiy i.ch. bilan qorishiq holatda edi.
Keyinchalik madaniyatning o'sishi natijasida san'at alohida
soha sifatida asta-sekin ajrala bordi.
San'at odamlarning estetik talablarini qondirish bilan birga,
o'z taraqqiyotining turli davrlarida jamiyat a'zolarini ma'lum
ruxda tarbiyalash, ularni aqliy va hissiy jihatdan
rivojlantirish vositasi sifatida xizmat qilib kelgan, ularning
turli maqsad, his-tuyg'u, manfaat, ideallarini ifoda etgan.
San'at ijtimoiy ongning boshqa shakllaridan o'zining predmeti,
mazmuni, voqelikni ifoda etish usuli va uslubi, ijtimoiy
hayotda tutgan o'rni hamda vazifalari jihatidan farq qiladi.