Bayram tabrigi
20 Март 2017

 Navro`z - mehr-muruvat, insonparvarlik, insonlarni ruhan birlashtiruvchi bayramdir. Barcha zamonlarda Navro`z orqali xalqning ma`naviy dunyosi namoyish etilgan, turmush tarzi, orzu-o`ylari, go`zallikka, nafosatga bo`lgan munosabatlari ifodalangan. Uning mazmunida kim Navro`zni shodu xurramlik bilan kutib olsa va o`tkazsa, kelgusi yil Navro`z kelguncha uning hayoti xursandchiliklarga boy bo`ladi degan g`oya yotadi. Navro`zi olam – sharqona yangi yil o`zining yangilanish, bahor nafasini boshlab kelishi, xalqimizning tabiati, ongu tafakkuri, qalbi-shuuriga chuqur singib ketgani, har qaysi oila, har qaysi xonadonga shodu xurramlik olib kirishi bilan biz uchun eng qadrli, aziz va suyukli milliy bayramdir.  Shu kunlarda Vatanimizning bepoyon hududlarida, shahar va qishloqlarida, so`lim go`shalarida Navro`z sayillarini keksayu yosh – barcha yurtdoshlarimiz katta xursandchilik va baland ruh bilan o`tkazayotgani buning yaqqol daragi va tasdig`idir. Barchamizning tilagimiz har bir oila, har bir xonadonga fayzu baraka, baxtu saodat bersin, dasturxonimizni to`kin, rizqimizni butun qilsin.

 

Sizlarga hurmat va ehtirom bilan Qo`qon davlat pedagogika instituti rahbariyati