Boshlang‘ich ta’lim kafedrasi 1977 yilda tashkil topgan bo‘lib, unga dastlab Erkinjon Toshpo‘latov mudirlik qilgan. Kafedrada ona tili, ona tili o‘qitish metodikasi, mehnat o‘qitish metodikasi, tasviriy san’at o‘qitish metodikasi, musiqa o‘qitish metodikasi, tabiatshunoslik o‘qitish metodikasi fanlari o‘qitilgan.
1987 yildan mehnat ta’limi va tasviriy san’at fanlari alohida kafedra bo‘lib ajrab chiqqach, kafedrada o‘zbek tili va musiqa fanlari o‘qitila boshlangan. 1988 yildan boshlab filologiya fanlari nomzodi R.Shukurov kafedra mudiri lavozimida ishlay boshlagan. 1990 yildan musiqa fani ham alohida kafedra bo‘lib chiqib ketdi. Shu yillarda kafedra BTM fakulteti qoshidagi o‘zbek tili kafedrasi deb yuritila boshlandi. 1992 yildan kafedrada rus tili va uni o‘qitish metodikasi fani soatlari berilishi bilan “Filologiya” deb nomlandi. Shu yildan kafedraga filologiya fanlari nomzodi Mo‘minjon Xalilov mudirlik qila boshladi.
1998 yildan filologiya fanlari nomzodi, dotsent Saminjon To‘ychiev kafedraga rahbarlik qilgan. 1998 yildan boshlab kafedra yana “Boshlang‘ich ta’lim metodikasi” nomini olgach, ona tili, ona tili o‘qitish metodikasi, matematika, matematika o‘qitish metodikasi, mehnat o‘qitish metodikasi, tasviriy san’at o‘qitish metodikasi fanlari ham o‘qitilmoqda. 1999-2000 o‘quv yilida matematika siklidagi fanlar ajrab chiqdi. 2001-2002 o‘quv yilidan boshlab “MT va BTM kafedrasi” deb nomlandi.