Skip to content

Qo‘qon davlat pedagogika institutida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga doir huquqiy targ‘ibot va ma’rifat ishlari bo‘yicha har yillik kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi va ijroga qaratiladi.

Joriy o‘quv yilida ham institut xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatlar shakllantirish, jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida barcha choralar ko‘rilmoqda.

Hafta davomida ayni mavzuga bag‘ishlangan uchrashuvlar barcha fakultetlarida o‘tkazildi. Uchrashuvlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” bo‘limi boshlig‘i T.Siddiqov, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring bo‘limi boshlig‘i O.Abdullayev, fakultet dekanlari, dekan o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvlarda yaqin kunlarda boshlanajak oraliq va yakuniy nazoratlarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xizmat vazifalarini bajarish jarayonida korrupsion xatti-harakatlar bilan bog‘liq holatlarni sodir etilishini oldini olish, korrupsion huquqbuzarliklarning qonunda belgilangan oqibatlari kabi masalalar xususida so‘z yuritildi.

Korrupsiya va tamagirlik kabi salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish, javobgarlikning muqarrarligi kabi jihatlar to‘g‘risida ham yig‘ilish ishtirokchilariga batafsil tushuntirib o‘tildi.