Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika institutida Davlat stipendiyalariga loyiq deb topilgan shuningdek, qishki ta’til davrida o‘tkazilgan onlayn fan olimpiadalari hamda “Eng yaxshi ilmiy maqola” tanlovida g‘olib va sovrindor bo‘lgan talaba-yoshlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimni ochib bergan institut rektori Dilnoza Shavkatovna «Mamlakatimizning ertangi kunini yaratuvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini namoyon etish va ijodiy qobiliyatini yanada rivojlantirish uchun qaratilayotgan e’tibor hamda davlatimiz rahbarining yoshlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi o‘z samarasini bermoqda. Institutimizda ham davlat stipendiyalariga loyiq deb topilgan iqtidorli talaba yoshlar safi kengayib borayotgani barchamizni quvontirmoqda. O‘ylaymanki, uchinchi renessans davrini bunyod etishda bunday iqtidorli yoshlar salohiyati, iste’dodi har qachongidanda muhim», deb alohida ta’kidlab o‘tdi.

Bu yil Qo‘qon davlat pedagogika instituti talabalarining jami 10 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga ega bo‘lishdi. Ta’kidlash joizki, joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan stipendiya sohiblari soni ko‘paydi.

— Iqtidorli yoshlar safida e’tirof etilganimdan juda quvondim, — deydi Tarix fakulteti talabasi, Alisher Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi Abdulaziz Islomov — Institutda olgan bilimlarim menga rag‘bat va ko‘nikma berdi. Kelgusida o‘z bilim va salohiyatimni ishga solgan holda yurtimiz kelajagini bunyod etishda faol ishtirok etaman.

Tantanali tadbir davomida Prezident va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari, stipendiantlikka da’vogar bo‘lib lekin sovrindor bo‘lmagan talabalardan tashqari qishki ta’til vaqtida har bir yo‘nalish talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn fan olimpiadasi shuningdek, “Eng yaxshi ilmiy maqola” tanlovi g‘oliblari ham qimmatbaho sovg‘alar va faxriy yorliq bilan taqdirlandilar.






Biz sovrindorlarning kelgusi o‘qish va izlanishlarida omad tilaymiz.