Boshqird davlat pedagogika universiteti, Rossiya davlat kasb-hunar pedagogika universiteti, Qozon federal universiteti kabi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha Qo‘qon davlat pedagogika institutini muvaffaqiyatli tamomlagan 70 nafar yigit-qiz katta hayot ostonasiga qadam qo‘ymoqda. Shu munosabat bilan bugun bitiruv kechasiga bag‘ishlangan tantanali diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda institut rahbariyati, faxriy professor-o‘qituvchilari, xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalaridan vakillar, bitiruvchi talaba-yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etdilar.
Tadbirni institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Nargiza Babayeva tabrik so‘zi bilan ochib berdi, yoshlarimizning ko‘pgina yo‘nalishlarda o‘zlarining bor qobiliyat va intellektual salohiyatlarini namoyon etib, katta yutuqlarni qo‘lga kiritganliklarini mamnuniyat ila e’tirof etdi.
Tadbirda Boshqird davlat pedagogika universiteti Rus tili kafedrasi mudiri, filologiya fanlar nomzodi, dotsent Gulnara Kudinovaning bitiruvchilar uchun ezgu tilaklari tinglandi.
Shundan so‘ng, 2022-2023-o‘quv yilining qo‘shma ta’lim dasturi asosida o‘qishini tamomlagan yoshlarga Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor Nigora Qodirova tomonidan diplomlar tantanali topshirildi.