Skip to content

O’zbek tili kafedrasi

 

O’zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri

Madraximov Ilxomjon Sobirovich

Filologiya fanlar nomzodi, dotsent.

O’zbek tili va adabiyoti kafedrasi 1939-yil 1-iyulda tashkil etilgan. 1962-yili 2 ta kafedraga bo’lingan: o’zbek tilshunosligi va o’zbek adabiyoti. O’zbek tilshunosligi kafedrasiga dastlab I.Rasulov, B.Madaliyev, so’ngra J.Abdullajonova, O.Bozorov, R.Shukurov, I.Po’latov, 2000-yillardan boshlab esa ilmiy darajaga ega bo’lgan I.Madrahimov, Sh.Akramovlar mudirlik qilganlar. 2016-yil yanvar oyidan boshlab Sh.Akramov mudirlik qilmoqda. 1934-1962-yillarda kafedrada B.Jalolov, B.Madaliyev, X.Yadixonova, O.To’raqulov, M.Saydaliyev, I.Suyarov, J.Abdullajonova, S.Nabiyeva kabi o’qituvchilar ta’lim berdilar. Keyinchalik kafedra institutni tamomlagan iqtidorli mutaxassislar hisobiga kengaydi. N.Oxunov, S.To’ychiyev, O.Bozorov, I.Po’latov, M.Mamadiyeva, O.To’xtasinova kabilar o’zbek tili va adabiyoti fakultetini tugatib, kafedrada ishladilar va ilmiy izlanishlar olib bordilar. Jumladan, O.Bozorov va I.Po’latovlar Moskvadagi Tilshunoslik instituti aspiranturasida ta’lim oldilar. Kafedradagi ta’lim-tarbiya hamda ilmiy-tadqiqot ishlarining rivojlanishida institutda 1951-yilda birinchi bo’lib nomzodlik dissertatsiyasini va 1980-yilda birinchi bo’lib doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan hamda professor unvoniga sazovor bo’lgan I.Rasulovning xizmatlari beqiyosdir. Kafedra a’zolari o’zlarining pedagogik faoliyatlari davomida oliy hamda umumiy o’rta ta’lim maktablari uchun ko’plab darsliklar, ilmiy-uslubiy qo’llanmalar, ilmiy-ommabop risolalar yaratgan va nashr ettirganlar. Xususan, bunga professor I.Rasulovning “Hozirgi o’zbek tilida bir sostavli gaplar” (1974), pedagogika institutlarining BTM fakultetlari uchun “O’zbek tili” (1962-1965-1970-1978), o’rta maktablar uchun “Diktantlar to’plami” (1959 va keying nashrlar), pedagogika institutlari va universitetlar talabalari uchun “O’zbek tili o’qitish metodikasi” darsligi (1975), universitet va pedagogika institutlari filologiya fakultetlari talabalari uchun “O’zbek tili stilistikasi” (1989) kabi, shuningdek, dotsent B.Madaliyevning “Hozirgi o’zbek tilidagi qo’shma so’zlar”, “Ona tili darslari samaradorligini oshirish”, dotsent N.Oxunovning “Antroponimika nima?”, “Joylar va nomlar”, “Til va joy nomlari”, “Toponimlar va ularning nomlanishi xususiyatlari” singari risolalarini misol qilib keltirish mumkin. Kafedra a’zolaridan J.Abdullajonova, N.Oxunov, O.Bozorov, I.Po’latov, N.Po’latov, M.Boshmonovlar ham o’zbek tilshunosligining leksikologiya, morfologiya, sintaksis, o’zbek tilini o’qitish metodikasi sohalari bo’yicha nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilishga erishdilar. Bugungi kunga kelib kafedraning ilmiy salohiyati 54%ni tashkil etadi. Kafedradagi 13 nafar asosiy shtatdagi o’qituvchilarning 8 nafari ilmiy darajali.