Yangiliklar

Milliy qadriyatlarimiz millat koʻzgusi




Qoʻqon davlat pedagogika instituti Oʻzbek tili va adabiyoti fakultetida Milliy qadriyatlarimiz millat koʻzgusi mavzusida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda fakultet dekani Barnoxon Xasanova, Andijon davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori, Sodiq xizmatlari uchun medali sohibasi Salimaxon Mirzayeva, ADU dotsenti Z. Eshonova, tadqiqotchi E. Naimov, institut dotsenti, f.f.n. M. Jamoliddinov hamda fakultet talabalari ishtirok etdi.





Soʻzga chiqqanlar istiqlol bizga ulkan imkoniyatlar hamda dunyo hamjamiyatidagi tenglik kabi hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydigan huquqimizni qaytarib bergani, pirovardida oʻzligimizni anglab, milliy va maʼnaviy qadriyatlarimiz tiklaganimiz, oʻz oldimizga yuksak maqsadlarni qoʻyib, tinch-osoyishta hayot kechirib, erkin fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy demokratik davlat barpo etish yoʻlidan dadil odimlayotganimiz haqida toʻxtalib oʻtdi.





Kezi kelganda aytish joizki, milliy qadriyat deganda, eng avvalo, tarixiy sinovlarga bardosh bergan, xalqimizning milliy manfaatlarini oʻzida toʻliq mujassamlashtirgan, zamonaviy taraqqiyot talablariga butunlay javob bera oladigan, asrlar oʻtgani sayin qadr-qimmati ortib boradigan gʻoyalar tushuniladi. Hayot rivojlanib borarkan, qadriyat ham takomillashib, mukammallashaveradi. Yana bir narsa ayonki, milliy qadriyatni bir yoqlama, sunʼiy ravishda ulugʻlash, undan siyosiy maqsadlarda foydalanish jamiyat taraqqiyotiga aks taʼsir etishi ham bor gap.



1989-yildayoq oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi, Navroʻz ayyomi yana umumxalq miqyosida nishonlana boshlanishi, Ramazon hamda Qurbon hayitlari bayram va dam olish kunlari, deb eʼlon qilinishi milliy qadriyatlarimiz tiklanishi yoʻlidagi muhim qadamlar boʻlganini alohida taʼkidlash joiz.

Darhaqiqat, qadriyatlar ulkan tarbiyaviy ahamiyatga ega. Uning yoshlarimizda vatanparvarlik, insonparvarlik, halollik, mehnatsevarlik kabi fazilatlarni kamol toptirishdagi oʻrni, ayniqsa, yuqori.