Yangiliklar

Qoʻqon davlat pedagogika instituti ikkinchi jahon urushi yillarida

Fashistlar Germaniyasining hujumi institut faoliyati xarakterini ham oʻzgartirishga olib keldi. U oʻqituvchilar va talabalar jamoasi uchun ogʻir sinov boʻldi. Urush boshlangan dastlabki kunlardayoq oʻtkazilgan mitingda jamoaning har bir aʼzosi oʻzining bor kuchini, bilimini, mehnatini gʻalaba uchun, dushmanni tor-mor qilish uchun kurashga bagʻishlashga ahd qilgani, buning uchun zarur boʻlsa, jonini ham ayamasligi taʼkidlandi.

Institut qoshida targʻibotchilar rotasi tashkil etildi. Ayni vaqtda harbiy kafedra ochilib, boshlangʻich harbiy taʼlim darslari oʻqitila boshlandi.

Institut oʻqituvchilari va talabalari aholi oʻrtasida tashviqot ishlari olib borishda faol qatnashdilar. Ular mustaqil ravishda sanoat korxonalarida, tashkilot va muassasalarda frontdagi ahvol, shu kunning dolzarb vazifalariga bagʻishlangan maʼruza va suhbatlar oʻtkazib bordilar va aholini dushman ustidan tezroq gʻalaba qozonishishiga munosib hissa qoʻshishga, fidokorona mehnat qilishga chorladilar.

Urush yillarida ogʻir sharoitda ishlashga toʻgʻri keldi. Urush boshlangan yili institut binosiga va yotoqxonasiga gospital joylashtirildi. Institut esa maktabgacha tarbiya pedagogika bilim yurti binosiga koʻchirildi. Oʻquv xonalari isitilmas, kabinetlar, laboratoriyalar uchun xonalar mutlaqo yoʻq edi. Bu hol albatta, institut faoliyatini odatdagidek borishiga xalaqit berdi. Lekin, jamoaning fidokorona mehnati tufayli 1940-1941 oʻquv yilining natijalari yomon boʻlmadi. Oʻsha yili institut maktablar uchun 109 nafar malakali oʻqituvchilar yetishtirib berdi. 1941-yil 1-sentyabrda talabalar soni 475 nafardan iborat edi. 138 nafar talaba frontga ketdi.

1941-yil iyun oyigacha institut direktori vazifasida D. M. Majitov ishladi. Shundan keyin institutga I. Poʻlatov rahbarlik qildi.

Urush boshlanishi munosabati bilan institut oʻqituvchilari tarkibida katta oʻzgarishlar sodir boʻldi. Koʻplab oʻqituvchilar, jumladan I. I. Aliyev, I. Poʻlatov, D. I. Majitov va boshqalar urushga ketdilar. Ayni paytda institut professor-oʻqituvchilar tarkibi yangi, yosh mutaxassis-pedagoglar hisobiga toʻldirildi. 1941-42 oʻquv yilida 11 kishi ishga qabul qilindi. Ular orasida dotsent V. I. Fursenko, M. Joʻrayev, A. L. Kubliskiy, Rus tili va adabiyoti kafedrasida Nemirovskiy, Beliskiy, Lyashenko, Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasida Shoabdurasulova, I. Hamdamova, mustaqil fanlar boʻyicha tibbiyot fanlari nomzodi Teleskaya, T. Rasulov, 3. Kuliyevlar bor edilar.

Jamoa uzoq muddatli qishloq xoʻjalik ishlariga safarbar qilinishi, oʻquv rejalarini bajarilmay qolishiga sabab boʻldi.

Institut maʼmuriyati oʻqituvchi va talabalar uchun imkoniyati boricha qulay sharoit yaratish uchun katta kuch-gʻayrat sarfladi. 1942-yil oxirida institutga yangi bino sobiq 53-maktab binosi ajratib berildi.

Har bir oʻquv guruhiga, xodimlar va xizmatchilar jamoasiga siyosiy axborotchilar biriktirib qoʻyildi. Ular haftada 2-marta mashgʻulot oʻtkazdilar. Bu mashgʻulotlarda gazetalarning bosh maqolalari mazmuni haqida axborot berilardi. Hamyurtlarimizning, fargʻonaliklarning frontlarda koʻrsatgan har bir jasorati, qahramonona kurashlariga oid har bir fakt darhol institut jamoasiga yetkazilar, ularga bagʻishlab mitinglar uyushtirilar, mahalliy matbuot va devoriy gazetalar sahiralarida yoritilar edi. Institut kutbuxonasida tashkil etilgan koʻrgazmalarda frontlarda urush harakatlarining borishini aks ettiruvchi materiallar, rasmlar namoyish etilardi. Shu tarzda institut talabalar va xodimlari frontda roʻy berayotgan kundalik voqealardan xabardor boʻlib turar edilar.

Institut jamoasi frontga yordam uyushtirishda faol qatnashdi. 1941-yil avgust oyida oʻqituvchilar mudofaa fondiga bir oylik maoshlari, foydalanilmagan otpuska uchun oladigan haqlarini oʻtkazdilar. Shuningdek, har oyda 3 kunlik ish haqlarini qamaldagi Leningrad himoyachilariga yordam uchun ajratdilar. Institut jamoasi 1942-yilda tank kolonnasi tashkil etish uchun 20,000 soʻm mablagʻ toʻplab berdi.

Oʻqituvchilar va talabalar armiya uchun issiq kiyimlar, qoʻlqoplar toʻplab yubordilar, harbiy zayomlarga, buyum lotereyalariga birinchilar qatorida yozildilar. Donorlar harakatida faol qatnashdilar. Institut jamoasi frontga yaqin joylardan vaqtincha koʻchirilib, shaharga keltirilgan fuqarolar, ayniqsa, yetim bolalarga yordam koʻrsatishda faol qatnashdilar. Ularga oʻz uylaridan joy berdilar va farzandlikka oldilar.

1941-yil dekabr oyida institut direktori I. Poʻlatov armiya safiga joʻnab ketganligi sababli, uning oʻrniga S. Sagatov direktor vazifasiga tayinlanadi.

1943-yil mart oyida Qoʻqon oʻqituvchilar instituti hukumat qarori bilan respublikada yagona xotin-qizlar oʻqituvchilar institutga aylantirildi. Bu qaror institut maʼmuriyati oldiga jiddiy muammolarni hal qilish vazifasini qoʻydi.

Institut maʼmuriyati yangi oʻquv binosiga koʻchib oʻtishga muvaffaq boʻldi. Sobiq oʻquv korpusi binosi esa talaba qizlar uchun yotoqxonaga aylantirildi. Talabalarni kuniga ikki marta bepul issiq ovqat bilan taʼminlash tashkil etildi.

Xotin-qiz pedagoglar uchun zarur boʻlgan oʻziga xos xususiyatlarni nazarda tutib, oʻquv rejasiga shaxsiy va uy gigiyenasi, bolalar kasalligi va ularni parvarish qilish kabi yangi predmetlar kiritildi.

Yotoqxona qoshida bichish-tikish, badiiy va sport toʻgaraklari ishlab turgan. Institut kutubxonasi ham ommaviy-siyosiy ishlar markazlaridan biri boʻlib, 1942-yilda uning kitob fondida 14348 nusxa turli kitoblar bor edi.

1945-yilda institutda yana bir kafedra Pedagogika-psixologiya kafedrasi tashkil etildi.

Urush davri institutga talabalar qabul qilish rejasini amalga oshirishda jiddiy qiyinchiliklar tugʻdirdi. Holbuki, bu vaqtda maktablarda oʻzbek tilida dars beruvchi oʻqituvchilarga ehtiyoj oshib borgan edi. Shuni nazarda tutib, hukumatning 1943-yil 7-iyuldagi 977-qaroriga asosan, 1941 - 1943-yillarda oʻrta maktabni aʼlo, yaxshi baholar bilan tamomlagan yoshlar 1943-yilgi qabul imtihonlari topshirishdan ozod etildilar.

Mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, institut maktablarni pedagoglar bilan taʼminlashda davom etdi. 1941-yilda 68, 1942-yilda 96, 1943-yilda 60, 1944-yilda 62 va 1945-yilda 66 nafar talaba institutni bitirib chiqdi.

1942-yil aprel oyida institut jamoasining moddiy sharoitini yaxshilash maqsadida unga yordamchi xoʻjalik tashkil etish uchun 11 gektar yer uchastkasi ajratib berildi. Oʻsha yili 9 gektar yer oʻzlashtirilib, 4 tonna joʻxori, 4 tonna makkajoʻxori, 3,7 tonna mosh, 0,5 tonna lovnya, 0,5 tonna tariq, 1 tonna lavlagi, 9 tonna qovun-tarvuz, 1 tonnadan koʻproq sabzi va boshqa mahsulotlar yetishtirildi.Bu mahsulotlar asosan oʻqituvchi va talabalar ehtiyojlarini qondirishga ishlatildi.

Institut jamoasi frontdan gʻalaba bilan qaytib, yana oʻzlarining ilmiy-pedagogik faoliyatlarini davom ettirgan ajoyib oʻqituvchilar, jumladan, urushgacha ham oliygohimizda direktor oʻrinbosari, matematika oʻqituvchisi boʻlgan I. N. Aliyev va kafedralarni boshqargan oʻqituvchilardan S. Sagatov, T. A. Pelisov, M. Joʻrayev, T. D. Minubayev, A. N. Nigmatov, M. Muhamedov, M. A. Moxov, A. P. Ratner, I. Ya. Neyman, B. Jalolov, I. Savelzon, I. Poʻlatov kabi murabbiylarning fidokorona mehnatlarini doimo qadrlaydilar va yodda tutadilar. Shuningdek, institutga 1944-yil mart oyidan 1955-yil avgust oyigacha rahbarlik qilgan U. A. Asqarovani, oʻzining pedagogik faoliyatini 1943-yilda shu institutda boshlab, uzoq yillar davomida institutda kafedra mudiri, direktor oʻrinbosari va rektorlik vazifalarida ishlagan I. I. Rasulovni katta hurmat bilan xotiralarida saqlaydilar. Urushining ogʻir davrlarida institutda fidokorona mehnat qilgan L. L. Xnigin, Z. Bayazitova, Fetislamov, Ye. A. Papoport, Ledyayeva, 3. Kuliyev, K. I. Semenova, I. V. Kazakevich, N. F. Zverev, I. Hamdamova, A. Samatov, T. A. Baraninkov, Hasanov, Ya. Kislyakova, A. Ya. Kubliskiy, L. A. Shifman, K. A. Kabayev, T. Rasulov, F. S. Mayaskiy, M. S. Tolgskaya, 3. Poteyev, X. Aminov, Meliyev, Ivanov, T. Qosimova kabi oʻqituvchilarning nomlari hech qachon unutilmaydi.

❗️Sizda Qoʻqon davlat pedagogika instituti tarixiga oid foto, video va boshqa manbalar bormi? Biz bilan boʻlishing. Birgalikda institut tarixini kengroq, batafsilroq yozamiz. Materiallarni telegramdagi @liberalissimus1001 akkauntiga yoki feysbukdagi (https://www.facebook.com/kspi.uz.56) manzilimizga yuborishingiz mumkin.