Yangiliklar

Qoʻqon davlat pedagogika instituti rektorining yangi yil tabrigi


Aziz va muhtaram jamoadoshlar!

Betakror diyorimizga yangi 2022-yil kirib kelmoqda.

Siz, qadrli ustozlar, ilmga chanqoq talabalarni yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va quvonch tilayman. Poyoniga yetayotgan 2021-yilda institutimiz hayotida yaxshi kunlar, ulkan yutuq va marralar koʻp boʻldi.

Ayni shu lahzalarda boshdan kechirgan, yon-atrofimizda boʻlib oʻtgan quvonchli va tashvishli voqealar, amalga oshirgan ishlarimiz beixtiyor har birimizning koʻz oʻngimizdan  bir-bir oʻtadi. Mana shunday kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar keltiramiz.

Qadrli doʻstlar!

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan joriy yilda yoshlarni bilim va malakali etib tarbiyalash, jahon taraqqiyotiga mos mutaxassislar tayyorlash maqsadida taʼlim tizimi izchil rivojlantirilmoqda. Oliy taʼlim sohasidagi dastlabki islohotlar, avvalo, qamrovni oshirish, institut va universitetlarning moliyaviy holatini yaxshilash, professor-oʻqituvchilarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar aniq belgilab berilgan edi.

Bunda, eng asosiy ustuvor yoʻnalishlar etib oliy taʼlim muassasalari boshqaruv kengashlarining rolini oshirish va kafedralar vakolatlarini kengaytirish, oʻquv jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan uzviyligini taʼminlash va talabaning oʻz ustida ishlashi uchun muhit yaratish, oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish, professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun qogʻozbozlikni kamaytirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish belgilandi.

Pedagogik taʼlim sohasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, taʼlim sifatini oshirish, sohaga ilgʻor taʼlim texnologiyalarini joriy qilish, zamonaviy bilim va pedagogik texnologiyalarni qoʻllash koʻnikmalariga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashning samarali tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Qoʻqon davlat pedagogika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Unga koʻra Qoʻqon davlat pedagogika institutining faoliyatini yanada takomillashtirish, shu jumladan, institutni 2025-yilgacha rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari)ni belgilandi. Oʻtgan davr mobaynida yuqoridagi vazifalar ijorosi yuzasidan taʼlim sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini sifat jihatidan tubdan takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, institut moddiy-texnika bazasini rivojlantirish ishlari boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalarni bugun institut jamoasi his qilib turibdi.

Amalga oshiralayotgan barcha ishlar bugun ilm-fan, taʼlim sohasi xodimlari manfaatini koʻzlab amalga oshirilayotganligi barchamizni quvontiradi.

Qadrli doʻstlar!

Mana shu quvonchli damlarda barchangizni Yangi yil bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Yurtimizdagi har bir oilaga tinchlik-xotirjamlik, baxt va omad hamda farovonlik tilayman.

Yangi 2022-yilning qadami jonajon Vatanimizga qutlugʻ va barakali kelsin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!

Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin, azizlar!

D. Xodjayeva

Qoʻqon davlat pedagogika instituti rektori.