Yangiliklar

Fitnalar taraqqiyot kushandasi

Tinchlik va taraqqiyot dushmanlari maqsadlariga yetish uchun turli-tuman hiylalarni oʻylab topishlariga tarix koʻp bora guvohlik beradi. Shulardan biri fitnadir. Zero, fitna bir maqsad sari odimlayotgan jamiyatlarni boʻlib yuboradi, ularni bir-biriga dushman qiladi, otani boladan, yaqinni jigardan ayiradi. Notinchlik, nizo, igʻvo, urush va halokat keltirib chiqaradi. Razil manfaatlar kurashi fitnalarning eng yomon  koʻrinishidir. Ushbu jarayon bugungi kunga kelib shiddat bilan avj olib bormoqda.

Qardosh Qozogʻizistonda sodir boʻlayotgan voqealar barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda. Yaqin tarixda roʻy bergan rangli inqiloblar yoki arab bahori voqealari shuni koʻrsatdiki, tartibsizlik, fitna va nizolar demokratik tartiblarni yaratmaydi, qonun ustuvorligini taʼminlamaydi. Taraqqiyotni ortga surib, mamlakatda uzoq yillik beqarorliklar, iqtisodiy qiyinchiliklar bir soʻz bilan aytganda, inqirozni yuzaga keltiradi. Fitnalar ortidan oziq-ovqat xavfsizligi, biznes rivoji, sarmoyalarning mamlakatga kirib kelishi, qoʻyingki, barcha-barchasi soʻroq ostida qoladi.

Qozogʻizistonning ravnaqi mintaqaviy xavfsizlik va butun Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishining muhim omilidir. Mamlakatlarimiz umumiy kelajakni barpo etmoqda. Bizni barqaror tinchlik, totuvlik va bunyodkorlik istagi birlashtiradi.

Qozogʻiziston xalqini uning hamjihatlik, tinch, mustaqil taraqqiyot va farovonlik borasidagi intilishida doimo qoʻllab-quvvatlaymiz

Xalq, millat baxti tinchlik va xotirjamlik, jamiyat osoyishtaligi, keksalar eʼzozi, farzandlar salomatligidan iboratligini aslo unutmaylik!

Dilnoza Xodjayeva,Qoʻqon davlat pedagogika instituti rektori.