Yangiliklar

Qadrli jamoadoshlar! Aziz talabalar!

Barchangizga maʼlumki, muhtaram Prezidentimiz boshchiligida koronavirus deb atalmish ofat tarqalishining oldini olish, xalqimizni asrab-avaylash boʻyicha bir qator chora-tadbirlar belgilanib, ularning bari izchillik bilan amalga oshirilib kelinmoqda. Toʻgʻri, dastlabki davrda karantin qoidalari qatʼiy belgilanganligi uchun bu kasallik keng tarqalishini jilovlashga erishildi.

Lekin, aholi daromadingizni kamayishiga yoʻl qoʻymaslik, mamlakatimiz iqtisodiyotini bir maromda rivojlantirish maqsadida karantin qoidalari yumshatildi. Taʼlim massasalarida ham dars jarayonlari anʼanaviy shaklga oʻtkazildi.

Biroq keyingi kunlarda vaziyat jiddiylashmoqda. Kecha yurtimizda koronavirus boʻyicha kunlik kasallanishlar soni 420 tadan oshdi.

Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yigʻilishida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortib borayotgani, ushbu kasallikka qarshi zarur choralar koʻrishni davom ettirish lozimligi qayd etildi.

2021-yil dekabr oyidan boshlab bir qator davlatlarda koronavirusning yangi Omicron shtammi keng tarqalib, epidemiologik vaziyat keskinlashib borayotganligi munosabati bilan bir qator qoʻshimcha karantin cheklovlari joriy etilgan. Dunyoda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon mutlaq rekord koʻrsatkich qayd etildi. Sayyoramizning 2,6 milliondan ortiq aholisida COVID-19 infeksiyasi aniqlandi.

Maʼlum boʻlishicha, mamlakatimizga kelgan xorijiy davlat fuqarosidan COVID-19ning yangi Omicron shtammi joriy yilning 7-yanvar kuni aniqlangan. 

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etish ustidan nazorat kuchaytirilmoqda.

Qadrli doʻstlar!

Kasallikning biror bir kichik belgisini oʻzingizda sezdingizmi, darhol shifokorga murojaat qiling. Kasallik mahallamizga, uyimizga, oilamizga kirib kelmasligi uchun eng avvalo oʻzimiz masʼul ekanligimizni unutmaylik.

Ishonchimiz komilki, ushbu sinovli damlarda institutimiz jamoasi hech qachon tushkunlikka tushmaydi va ogohlikni susaytirmagan holda xavfli kasallikka chalinmaslik uchun oʻz hissamizni qoʻshamiz.

Bunda, avvalo, har birimiz shaxsiy namuna koʻrsatishimiz, karantin qoidalariga qatʼiy amal qilib, mutasaddilarning talab va koʻrsatmalarini ogʻishmay bajarishimiz shart.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, biz bir kuch boʻlib, koronavirus infeksiyasini temir intizom, yuksak tafakkur, sabr-toqat bilan yengamiz.

Dilnoza Xodjayeva, Qoʻqon davlat pedagogika instituti rektori.