Yangiliklar

Qadrli yurtdoshlar! Aziz hamkasblar hamda talabalar!

Sizlarni mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi qutlugʻ sana Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

Albatta, yurtimizda bayramlar, tarixiy sanalar juda koʻp. Ammo yurt tinchligi, osmonimiz musaffoligi, davlatimiz chegaralarining daxlsizligini taʼminlovchi qudratli kuch Vatan himoyachilari kuni bayramining alohida qadr-qimmati, ahamiyati, oʻrni va nufuzi bor.

Darhaqiqat, ozod va obod Vatanimizdagi osuda hayot, sarhadlarimizning daxlsizligi, bunyodkor xalqimizning osoyishtaligini qoʻriqlashda oʻz yigitlik burchini yuksak sadoqat bilan oʻtayotgan harbiylarimiz Vatan himoyachilarining xizmatlari beqiyosdir.

Hech shubhasiz, har qanday mamlakatning jahon hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega boʻlishi, tashqi xavf va tajovuzlarga nisbatan munosib ravishda javob bera olishi, turli tahdidlarga qarshi qatʼiy kurash olib borishi uchun zamonaviy qurol-yarogʻlarga ega boʻlgan, professional armiya - suv bilan havodek zarurdir.

Bugun askar va zobitlarimiz uchun milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish sharafli va faxrli kasbga, har bir yigitning  hayotiy orzusiga aylangan.

Albatta, mana shunday tinch, osoyishta, farovon kunlarga oʻz-oʻzidan erishilmaganligi barchamizga maʼlum. Oʻtgan qisqa davr ichida bugungidek professional armiya darajasiga koʻtarish davlatimiz tomonidan uzoqni koʻzlab, tizimli olib borilayotgan strategik islohotlarning yorqin samarasidir.

Oʻtgan davrda chegaralarimiz daxlsizligini taʼminlash, oʻzi tugʻilib oʻsgan muqaddas zaminni qoʻriqlashda jonini fido qilgan mard oʻgʻlonlarimiz jasorati har bir oʻzbek yigitiga yuksak ibrat namunasi boʻlib qoladi.

Bugun nishonlayotgan Vatan himoyachilari kuni bayrami nafaqat harbiylarning, balki har bir yigitning, har bir boʻlajak Vatan himoyachisining va ularni dunyoga keltirgan onalari, doimo duogoʻy boʻlgan ota-bobolarining ham haqiqiy milliy bayramidir.

Mamlakatimiz ulugʻ allomalar, jahoniy olimu fuzalolar, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalar ruhi qoʻnim topgan muqaddas zamin.

Bu yurtda yashash va shu xalq osoyishtaligini taʼminlash eng mashaqqatli va sharafli kasb ekanligini yana bir bor taʼkidlab, barchangizga kuch-quvvat, yengilmas iroda va mustahkam sogʻlik tilaymiz.

Bayramingiz muborak boʻlsin azizlar!

Dilnoza Xodjayeva, Qoʻqon davlat pedagogika instituti rektori.