Qo'qon davlat pedagogika instituti 90 yoshda!
Muqimiy nomidagi Qo'qon davlat pedagogika instituti 1931-yil
yanvar oyida kechki pedagogika oliy bilimgohi sifatida pedagogika
texnikumi binosida o'z faoliyatini boshlagan. O'zbekiston Xalq
Maorif Komissarligining 1938-yildagi 866-son buyrug'i bilan Qo'qon
kechki pedagogika oliy bilimgohi kechki o'qituvchilar institutiga
aylantirilgan. O'zbekiston Xalq Maorif Komissarligining 1938-yil
27-noyabrdagi buyrug'i bilan institut qoshida sirtqi konsultatsiya
punkti ochildi. 1939-1940 o'quv yilidan boshlab kunduzgi Davlat
o'qituvchilar institutiga aylantirilgan. 1943- yildan Xotin-qiz
o'qituvchilar instituti, 1954-yildan Xotin-qizlar Davlat
pedagogika institutiga aylantirilgan. 1943-yil oktyabr oyida
institutga shoir Muqimiy nomi berilgan. O'zbekiston Respublikasi
Prezidentining 2017-yil 26-sentyabrdagi PQ-3289-son qarori asosida
Qo'qon davlat pedagogika instituti O'zbekiston Respublikasi Oliy
va o'rta maxsus ta'lim vazirligining tashkiliy tuzilmasiga kiradi.
O'tgan davr mobaynida Qo'qon davlat pedagogika instituti kichik
bir ta'lim maskanidan yirik oliy ta'lim muassasasigacha bo'lgan
yo'lni bosib o'tdi. Institut tashkil topgan vaqtda u uch bo'limdan
iborat bo'lib, ularda hammasi bo'lib 60 nafar talaba tahsil olgan
bo'lsa, hozirda 11 ta fakultet, 30 ga yaqin kafedra mavjud.
Institutda 24 ta bakalavriat ta'lim yo'nalishlari mavjud bo'lib,
bakalavriat ta'lim yo'nalishlarida 12317 nafar, 4 ta bakalavriat
ta'lim yo'nalishlari bo'yicha qo'shma ta'lim dasturlari asosida
jami 126 nafar (kunduzgi shaklda), 14 ta magistratura
mutaxassisliklari bo'yicha 266 nafar va umumiy jami 12709 nafar
talabalar tahsil olib kelmoqda. Bugungi kunda Qo'qon davlat
pedagogika instituti zamonaviy pedagogik kadrlarni tayyorlovchi
respublikamizdagi yirik pedagogika muassasalaridan biri
hisoblanadi. Institut o'zining zamonaviy moddiy-texnika bazasiga
ega bo'lib, 269 ta o'quv xonalari, bugungi kun talablari bilan
jihozlangan 21 ta o'quv labaratoriya xonalari, bitta stadion, 4 ta
basketbol va voleybol maydonlari, 3 ta yopiq sport zali, zamonaviy
ARM (umumiy kitob fondi 70377 nomda 265274 nusxani tashkil
qiladi), fakultetlarda tashkil etilgan kompyuter xonalarida mavjud
bo'lgan 396 ta kompyuterlar, 3 ta binodan iborat barcha
qulayliklarga ega bo'lgan talabalar turar-joylari, 250 o'rinli
oshxona talabalarga xizmat ko'rsatmoqda.